Dars tayyorlashga majburlash kerak(mi?)

O‘quvchilar odatda, dars tayyorlashlari kerakligini bilishadi, ammo nimagadir darrov bu ishga kirisha olishmaydi. Xohishsizlik, istaksizlikni his qilishadi. Ko‘pincha  kutilgan ilhom parisining kelmaganiday, dars tayyorlash uchun motivatsiya topish ham qiyinlashadi. Ba’zan vaqtning ancha-muncha qismi dars tayyorlashni kutish bilan o‘tib ketadi. “Dars qila olmayapman,  rejala-rimni amalga oshira  olmayapman” deb bahona qilish muammoni hal qilmaydi, aksincha yana  murakkablashtiradi.

Dars qilishni boshlay olmaslik insonda motivatsiyaning kamligini ko‘rsatadi. Boisi motivatsiya insonni mehnatga undovchi istak hisoblanadi. Agar harakat amalga oshmasa, aybni motivatsiyadan qidiring. Motivatsiya qanchalik kuchli bo‘lsa, ishni bajarish kuchi ham shunchalik yuqori bo‘ladi.

Ba’zan, xohlamay harakat boshlash dars tayyorlash istagini o‘z-o‘zidan keltirib chiqaradi. Shu sababli dars qilish uchun qandaydir tadbir kutmay, o‘zingizni majburlang va uni  boshlang. Dars qilish istagini uyg‘otish uchun dars qilishni boshlab, uni davom ettirishga harakat qiling. Biroz vaqt o‘tgach, bu ishni sevib qila boshlaysiz.

Siz eng avval tartibli dars qilishni boshlang. Bu ishni jiddiy  davom ettirsangiz, dars tayyorlash sizga zerikarli va bekorchi ish bo‘lmay qoladi. Harakatlaringiz hissiyot-laringizga o‘z ta’sirini o‘tkazib, dars tayyorlashdan zavq olishingizni ta’minlaydi.

Imtihondan keyin erishiladigan maqsad aniq bo‘lsa va abituriyent bu maqsadga erishmoqchi bo‘lsa, maqsadini o‘ylashi uni dars tayyorlashga motivatsiya qiladi. Shu sababli dars tayyorlashga xohishsizlik sezganingizda maqsadingizga aloqali xayol suring. Dars tayyorlashni ta’minlaydigan sabab bo‘lsin. Tanlagan maqsadingiz sizni dars tayyorlash sari yetaklaydi. Avvaliga o‘zingiz qiziqqan fanlar bo‘yicha dars tayyorlang, keyinchalik bu fanlarni ko‘paytiring. Buning uchun esa o‘rgangan narsalaringizni kundalik hayotga tatbiq qilishni boshlang. Shunda dars qilishni boshlay olmas-lik  muammosini hal qilgan bo‘lasiz.

O‘zingizga ishoning. Insonning muvaffaqiyatga erishishidagi eng katta to‘siq uning o‘zidir. Bu o’ziga ishonmaslik va belgilangan ishni kechiktirish orqali vujudga keladi. Hayotda hammamizning eng katta orzumiz bu muvaffaqiyat. Muvaffaqiyatga erishganlarning ko‘pchiligi yaxshi narsalarni orzu qilgan (optimist) va niyati yaxshilarning orasidan chiqqan. Yaxshi narsalarni o‘ylasangiz o‘ylaringiz vaqt o‘tishi bilan butun harakatlaringizga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Ijobiy fikrlovchilar va o‘ziga ishonuvchilar barcha savollarga javob topa oladilar.

O‘TILGAN  MAVZULARNI  TAKRORLAYAPSIZMI?

O‘quv kurslariga yoki maktablardagi darslarga qatnavchi o‘quvchilarning ko‘pchiligi o‘tilgan mavzularini takrorlamagani sababli  ularni tez unutib qo‘yishadi. Chunki o‘sha o‘quvchi darsda passiv tinglovchi bo‘lib qolishdan nariga o‘ta olmaydi. Bu taxlit ilm o‘rganishda faol bo‘lgan birgina a’zo quloq bo‘ladi.

Bu holda siz darsda hech narsa o‘rgana olmaysiz. Uyga borib ovqatlanganga qadar o‘sha kuni o‘rgangan narsangiz esingizdan chiqib ketadi. Xo‘sh, bu holda nima qilish kerak? Axir o‘qishga kirish uchun shuncha harakat qilyapsiz, darslarga boryapsiz, ammo natija…

Bu holatdan chiqib ketishning oldini olish uchun o‘qituvchi darsdan chiqib ketgandan keyin sinfda qolib o’rganilgan mavzularni bir bor takrorlab chiqing. Uyga borgach, ovqatlanib olgandan keyin mavzuni mustahkamlaydigan misollar ishlang. Ushbu amallarni bajarib olgach, uy vazifasini  ishlashda qiynalmaysiz.

Ijtimoiy fanlar bo‘yicha o‘qiydigan abituriyentlar esa yo‘lda  naushnik orqali musiqa eshitish yoki bekorchi narsalar haqida xayol surib ketish o‘rniga  darsda o‘rgatilgan bilimlarni o‘ylab ketishi foydali bo‘ladi. Unutmaslikning eng yaxshi usuli ko‘proq eslashdir.

Nega filmlardagi voqealar, gap-so‘zlar esimizdan chiqmaydi-yu, olgan bilimlarimiz chiqib ketadi. Boisi biz o‘sha filmlarni ko‘p eslaymiz.Yuqoridagi gaplardan xulosa chiqarishni sizga qoldiraylik-da, gapni shu yerda to‘xtataylik. Abituriyentlar safidan talabalar safiga o‘tib olish hammangizga nasib qilsin.

Manbaa: www.abituriyent.uz

 

Post comment

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Яндекс.Метрика

Orphus tizimi Matnda biror xatolikni sezsangiz, matnni belgilab CTRL + ENTER tugmasini bosing.