Hali vaqt ko’p-ku!

Yangi o‘quv yili boshlanganiga ham mana bir oydan oshibdi. Garchi kirish imtihoniga hali 10 oy vaqt bo‘lsa-da, bir oyning qanday o‘tib ketganini bir tahlil qilib ko‘ring. Nimalarga ulgurdingiz? Vaqtingizni qanchalik samarali o‘tkazdingiz? Kirish imtihonida sizga foydali bo‘la oladigan nimalarni o‘rgandingiz. Keling, shularni sarhisob qilaylik.

Balki, kimdir hali qaysi yo‘nalishga topshirishini hal qilb olmagandir, balki, kimdir haliyam o‘ziga “eng yaxshi” repetitor qidirish bilan banddir. Albatta, allaqachon tayyorgarlikni boshlab yuborgan abituriyentlar o‘zlarining yuqoridagi kabi raqiblari borligidan xursand bo‘lishadi.

Albatta, “Hali 10 oy bor-ku” degan gap insonga ancha hotirjamlik bag‘ishlaydi, bemalol shug‘ullanish mumkinligiga undaydi. Lekin, odatda, abituriyentda o‘rganishi kerak bo‘lgan bilim hajmi haqida unchalik tasavvur bo‘lmaydi. O‘qituvchi unga asta-sekinlik bilan, osondan qiyinga qarab o‘rgatib boradi. Shu sababli har bir yangilik abituriyent uchun osonday tuyuladi. Biroq bir oy oldin hozir biladigan narsasini ko‘rsatilganda edi, ko‘pchilik abituriyentlar qo‘rquvdan tayyorgarlik ko‘rgisi kelmay qolardi.

Keling, shu yerda abituriyentning bir yilda o‘rganishi kerak bo‘lgan mavzular hajmi haqida biroz tushuntirish bersak. Doimiy fanlar maktabda haftasiga 5-6 soat davomida o‘rganiladi. Bu jarayon 5- sinfdan to 9-sinfgacha davom etadi. Undan keyin litsey va kollejlarda bu fanlardan yana 3 yil bir dunyo yangiliklar o‘zlashtiriladi. O‘zingiz bir tasavvur qiling, qancha narsa bor ekan. To‘g‘ri, o‘quv yurtlarida darslar o‘quvchilar uchun imkon qadar yengil qilib uyushtiriladi. Biroq o‘sha darsda o‘zlashtirilgan ma’lumotlar abituriyent tanishib chiqishi lozim bo‘lgan mavzularning juda kichik bir qismi, xolos.  Sakkiz kosa ovqatni sakkiz xil paytda bir yoqli qilish hammaning ham qo‘lidan keladi. Lekin o‘shancha ovqatni bir paytda yeb bitirish hazilakam ish emas. Sakkiz yillik bilimni bir yilda o‘zlashtirish haqida ham shunday deyish mumkin.

Kirish imtihonigacha qolgan 10 oylik vaqtni ko‘p hisoblagan va shu muddat ichida zarur ma’lumotlarni o‘shlashtirishga bepisandlik bilan qaragan do‘stlarimiz yuqoridagi qaydlar bilan tanishgach, o‘z fikrlarini o‘zgartirib ulgurishdi deb o‘ylaymiz. Biroq bu ma’lumotlarni o‘zlashtirishdan qo‘rqmaslik kerak. Siz o‘qituvchingiz o‘rgatgan mavzuni boricha o‘zlashtiring. Chunki bir necha yillardan beri abituriyent tayyorlayotgan o‘qituvchi sizni kirish imtihonigacha qanday olib borish rejasini ham tuzib qo‘ygan. Biroq o‘qituvchining rejasi bor-ku deb yanvar yoki fevral oyida tayyorgarlikni boshlasangiz, unda ancha kechikasiz. Bu paytga kelib eng yaxshi reja ham ish bermay qoladi.

Umumiy holda gazetamizning oldingi sonida aytib o‘tganimizdek, uy vazifasini o‘z vaqtida bajaring. Vaqt ko‘pligi sababli hotirjamlikka berilib, uy ishlarini keyinga qoldirmang. Chunki ular yig‘ilib qolsa, bajargingiz kelmay qoladi, bajarmasangiz, keyingi mavzuni o‘zlashtira olmaysiz, mavzuni o‘zlashtirolmasangiz… keeling, yaxshisi, uy vazifalarini vaqtida bajaring.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, o‘tayotgan har bir daqiqadan unumli foydalanib, belgilagan maqsadingiz sari olg‘a odimlab boring. Atrofdagi gap-so‘zlar, dunyodagi voqealar hozirgi kunda siz uchun ikkinchi darajali. Eng birinchi o‘rinda oliy o‘quv yurti sari yetaklaydigan bilimlar turadi. Unutmang, agar hotirjamlikka berilsangiz, siz uchun 10 oy emas, 22 oy imkoniyat ham berilishi mumkin. Qaysi biri yaxshi ekanligini esa o‘zingiz idrok qila olasiz, albatta. Sog‘ bo‘ling!

Post comment

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Яндекс.Метрика

Orphus tizimi Matnda biror xatolikni sezsangiz, matnni belgilab CTRL + ENTER tugmasini bosing.