Maqsadga qanday erishiladi?

Maqsad inson ega bo‘lmagan, lekin kelajakda erishishni istagan barcha narsalarga berilgan nom hisoblanadi. Bu bir kasb, maqom yoki qanchadir miqdordagi pul ham bo‘lishi mumkin.

Maqsadlarni yaqin kelajakdagi yoki uzoq kelajakdagi kabi turlarga ajratish mumkin. Masalan, yaqin kelajakdagi maqsadingiz tibbiyot akademiyasiga kirish bo‘lsa, undan keyingi maqsadingiz kardiologiya sohasidagi yaxshi mutaxassis bo‘lish yoki ilmiy ishlarni amalga oshirish bo‘lishi mumkin. Undan ham kelgusida esa dunyodagi eng yaxshi kardiolog bo‘lish yoki jahonning rivojlangan davlatlarida malaka oshirib kelish kabilar bo‘lishi mumkin.

Bu yerda e’tibor berilishi kerak bo‘lgan jihat – maqsadlarning bir-biriga bog‘liq bo‘lishi. Ya’ni uzoqroqdagi maqsadlarning amalga oshishi yaqindagi maqsadlarning amalga oshishiga bog‘liq. Oraliq maqsadlarning amalga oshishi uchun esa uning shartlarini bajarish lozim bo‘ladi. Masalan, birinchi maqsadga erishish (oliy o‘quv yurtiga kirish) uchun tartibli ravishda dars tayyorlash shart.

Endi dars tayyorlash jarayonida ham oldingizga mayda maqsadlar qo‘yishingiz kerak bo‘ladi. Ular kunlik, haftalik yoki oylik bo‘lishi mumkin. Jumladan, har bir abituriyent bir kunda qanchadir miqdorda test yechishi, har haftada qanchadir mavzuni o‘zlashtirishi yoki takrorlashi kerak. Oylik maqsadga esa nazorat testlaridagi ballning o‘zgarishini tanlab olsa bo‘ladi. Masalan, o‘tgan oydagi nazorat sinovida 125 ball atrofida olgan bo‘lsangiz, bu oy yangi o‘zlashtirilgan mavzular hisobiga ballingiz 135-140 ga ko‘tarilsin.

Yana bir muhim jihat – maqsadlarni belgilashda o‘zingizning shaxsiy xususiyatlaringizni inobatga olishingiz lozim. Bu narsa uzoq maqsad tanlash uchun ham, mayda maqsadlarni tanlashda ham o‘rinli. Masalan, siz qondan qo‘rqadigan odam bo‘lsangiz, nega shifokor bo‘lmoqchisiz? Yoki savollarni tez yecha olmasangiz va kuniga 300 ta test yechaman desangiz, bu tanlagan maqsadingizning kamchiligi hisoblanadi. Shu sababli imkoniyatlaringizdan kelib chiqqan holda maqsadlaringizni belgilang.

Maqsadlaringizni amalga oshira olmay qolganingizda o‘zingizga mutlaqo qandaydir bir jazo belgilang. Aks holda, keyinchalik yana maqsaddan chetlashish yuz berishi mumkin. Misol uchun bu jazo o‘zingiz yoqtirgan biron narsani berib yuborish yoki o‘rtoqlaringiz ishtirok etgan biron tadbirda qatnashmaslik kabi ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin. Unutmangki, nima bo‘lgan taqdirda ham siz bu yil tartibli yashashga majbursiz.

Maqsadga bag‘ishlangan ushbu maqolani bo‘lib o‘tgan bir voqea bilan tugatsak:

Havo qorayib qolgan, yugurish marafoni tugaganiga bir soatcha bo‘lgan. Marafon o‘tkaziladigan stadion deyarli bo‘shab qolgan. Stadion farroshlari asta-sekinlik bilan atrofni tozalay boshlashgan. Shu vaqtda stadionga kiraverishda qora tanli sportchi ko‘zga ko‘rindi. U finish chizig‘ini qidirmoqda. Yugurish bilan yurish oralig‘idagi bir harakat bilan sportchi, nihoyat, finish chizig‘ini kesib o‘tdi. Shunday qilib, 1968- yilda Meksikada o‘tkazilgan olimpiadada Jon Stefen Akvari tarixga kirdi. Lekin bu sportchining tarixga kirishi sababi oxirgi bo‘lib yetib kelgani emas, balki musobaqadan keyin bergan intervyusi hisoblanadi. Tanzaniyalik ushbu sportchi yugurish jarayonida kichik bir falokatga duch kelib, tizzasidan yaralangan edi. Tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramay, uning tizzasi hali ham qonar edi. Stadionda qolgan bir necha odam uni olqishlab kutib olishdi. Ba’zilar uni olqishlab chapak chalsa, uning jarohatini ko‘rmagan tomoshabinlar masxaraomuz qarsak chalishardi. Marafonni yoritadigan bir-ikki jurnalist hali ham stadionda edilar va ular tanzaniyalik sportchidan so‘rashdi:

– Marafonda yutish imkoniyatingiz yo‘q edi. Nega bu marafonni tugatish uchun o‘zingizni bunchalik qiynadingiz?

Bu savol oldida biroz dovdirab qolgan sportchi qisqa tanaffusdan so‘ng shunday javob berdi:

– Meni yurtim bu yerga marafonni boshlashim uchun emas, tugatishim uchun jo‘natdi…

Manbaa: www.abituriyent.uz

Post comment

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Яндекс.Метрика

Orphus tizimi Matnda biror xatolikni sezsangiz, matnni belgilab CTRL + ENTER tugmasini bosing.