O’qishga kiraolaman(mi?)

Bu savol, shubhasiz, barcha abituriyentlarning xayolida bo‘ladi. Axir,  shu orqali uning kelajak yo‘li belgilanadi. Yana shunisi ham borki,  bu savol ba’zi do‘stlarimizning butun fikr-u xayolini egallab olgan.

160 ball bilan qayerga kira olarkinman?.. Ingliz tilidan shuncha, ona tilidan buncha yechsam, balim yetarmikan?.. Nima uchun  Abbos shunchalik yaxshi yecha oladi?.. O‘qishga kirish uchun ikki yil tayyorgarlik ko‘rish shartmi?..

Shu yerda juda eski latifani bir eslab o‘tsak: Kunlarning birida  bir odam Nasriddin Afandini ko‘rib so‘rab qolibdi: “Afandim, tushimda bir qop tilla topib olibman, shu tushim o‘ngidan kelishi uchun nima qilay?”. Shunda afandi unga: “Kamroq uxlang…”, – deb  javob bergan ekan.

Bu nima degani?  Siz uxlash o‘rniga mehnat qilsangiz, shu tillaga mehnatingiz orqali erishasiz. Hozir biz ham sizga shu gapni aytamiz: “KAMROQ ORZU QILING!”

Bu gapimizga javobingiz tayyor: orzuga ayb yo‘q-ku. Biz sizni ayblamoqchi emasmiz. Faqat orzu qilish bilan talaba bo‘lish mumkin bo‘lganda, o‘sha Abbos dars qilishni yig‘ishtirib, orzu qilishni allaqachon boshlab yuborgan bo‘lardi. Abbosning yaxshi yechishining birgina sababi bor: u ham bo‘lsa, o‘tirib o‘z ustida ishlagan, o‘rgatilgan mavzularni o‘zlashtirish uchun juda ko‘p vaqt sarflagan. Siz uning muvaffaqiyati sirini tahlil qilayotgan vaqtda u o‘qituvchi o‘rgatgan mavzularni tahlil qilgan.

Ko‘pchilik abituriyentlar o‘zlarini ovutish uchun o‘tgan yili talaba bo‘lish baxtiga erisha olmagan abituriyentlarni asos qilib olishgan. Ana, Abdulla ham o‘tgan yili kira olmagan. Lekin, bu yil juda yaxshi o‘qiyapti, men ham keyingi yil shunday o‘qiyman.

Bu gapingizga ham qo‘ldan kelgancha javob berishga harakat qilaylik. O‘sha Abdullani o‘tgan yilgi o‘qishini surishtirsangiz,  o‘tgan yili ham yaxshi o‘qigan, lekin  qandaydir sabablar unga xalaqit bergani uchun u talaba bo‘la olmagan. Shunisi qiziqki,  uning o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlari bu yilgidan kam bo‘lmagan.

Bundan tashqari, Abdullaga emas, Mansurga ham bir e’tibor qarating. U ikkinchi yil tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lsa-da, hali ham o‘sha ahvol. Hattoki, natijalari siznikidan ham pastroq.

Barchangiz  o‘z atrofingizda Abbos, Abdulla va Mansurga o‘xshaganlarni uchratishingiz mumkin. Ularning hayotini istaganingizcha mavzu qilib gapirishingiz mumkin. Biroq hammaning  o‘z hayoti bor. Hech kim boshqa kishining taqdir yo‘lini bosib o‘tmaydi. Ular sizga o‘rnak bo‘lishdan boshqa narsa emas.

Modomiki, shunday ekan, siz o‘z hayot yo‘lingizni aynan o‘zingiz chizganingiz  ma’qul. Atrofingizda allaqachon bu yo‘lni chizib, o‘sha yo‘lda ancha masofa bosib o‘tgan do‘stlaringiz ham bir dunyo. Aslida ular ham siz bilan bir vaqtda yo‘lga chiqishgan bo‘lsa-da, boshqalar haqida o‘ylashdan ko‘ra o‘tilgan mavzularni o‘ylashgan. Har kuni testda tushishi mumkin bo‘lgan bitta testga mos mavzuni o‘zlashtirishgan. Hozirda esa 15-20 ta  orasidagi testlarni yecha olishadi. Asta-sekinlik bilan shu yergacha yetib kelishdi va yil oxirigacha barcha savollarga javob bera oladigan abituriyentlar bo‘lishadi.

Talaba bo‘la olmagan abituriyentlar esa ularga omad kulib boqdi deyishadi-yu, lekin ularning mehnatini ko‘ra olishmaydi. Omad masalasida esa gazetamizning boshqa sonlarida suhbatlasharmiz.

Post comment

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Яндекс.Метрика

Orphus tizimi Matnda biror xatolikni sezsangiz, matnni belgilab CTRL + ENTER tugmasini bosing.