O’qishga kiraolmadim

     Insoniyat hayot zinalaridan yuqoriroq ko‘tarilishga intilib boraveradi. Abituriyentlik va talabalik mana shu hayot zinalarining ikki bosqichi ekanligini unutmaslik kerak. Bu zinalarni tashlab o‘tib ketib boshqa zinalardan yurayotganlar soni ham juda ko‘p topiladi.

   Balki, siz bizni 2, 3 yil va bundan ham ko’proq marotaba yiqilgan abituriyentning holini tushunmaslikda ayblarsiz. To‘g‘ri, buni boshdan o’tkazmaganimiz bois vaziyatni to’laqonli baholay olmasligimiz mumkin, biroq nimaga ba’zi abituriyentlar bir urinishda talaba bo‘la oladi-yu, siz shuncha urinishda muvaffaqiyatsizlikka uchrayapsiz – mana bu tomoni qiziq. Demak, tayyorgarlik bosqichingizda qandaydir muammo bor. Ko‘p hollarda bor diqqat-e’tiboringizni birinchi fanga qaratib, boshqa ikki fanga kam e’tibor berasiz. Buni tajribadan ko‘rib gapiryapmiz. U yoqda ayrim abituriyentlar uchta fanni ham ipidan ignasigacha o‘zlashtirishyapti va talabalik baxtiga erishishyapti.
Odatda, talaba bo‘la olmagan abituriyentlar aybni haqiqat mavjud emasligiga, ularga nisbatan adolatsizlik qilinganiga to‘nkashadi. Lekin haqiqat va adolat nisbiy tushuncha bo‘lib, kimgadir to‘g‘ri bo‘lgan narsa kimgadir noto‘g‘ri bo‘ladi. Atrofda siz hisobga olmagan haqiqatlar ham son mingta. Masalan, yetarli miqdorda dars qilmaganingiz, o‘tish ballari yuqori bo‘lgan yoki kuchingiz yetmaydigan oliy o‘quv yurtiga topshirganingiz, sizdan-da kuchliroq raqobatchilaringizning borligi va hakozo.

   Yana bir muhim jihat: hech kim sizning ballingizni tushirib yuborish maqsadida javoblar varag‘ingizga o‘zgartirish kiritib o‘tirmaydi. 500 mingga yaqin javob varaqalari ichidan kimningdir javob varaqasini topib, unga o‘zgartirish kiritish absurddan boshqa narsa emas.

        Bularga ham e’tirozingiz bo‘lsa, marhamat appelatsiyaga topshirib, o‘zingiz guvoh bo‘ling.

       Masalaning asosiy qismi, yuqorida aytganimizday, 600 mingga yaqin abituriyentdan faqatgina 60 mingigina talaba bo‘ldi. Bu degani: kira olmagan abituriyent faqatgina siz emas, sizga “qismatdoshlar” 540 mingtani tashkil etadi. Demak, siz yolg‘iz emassiz.

     Albatta, bu sizni ovutish uchun aytilayotgan oddiy gapday tuyular, lekin hayot davom etmoqda. Koinot harakatlanishdan to‘xtab qolgani yo‘q. Hamma yashashda davom etmoqda. Demak, biz ham xuddi shunday davom etishga majburmiz.

      Hozir sizning eng avval qiladigan ishingiz – kelajakda nima qilishingiz haqida aniq qarorga kelib olish. Balki, abituriyentlik va talabalik zinalaridan voz kecharsiz. U holda kelgusi ishlaringizda omad tilaymiz. Modomiki, bu yo‘ldan qaytmas ekansiz, avgust oyi oxirigacha siqilish, dam olish, yig‘lash kabi jarayonlarni tugatib, sentabrdan astoydil belni bog‘lang. O‘tgan yilgi kamchiliklaringizdan xulosa chiqaring. Maqolamizga Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya universitetiga kira olmagan abituriyent do‘stingiz tomonidan qoldirilgan fikrni ilova qilmoqchimiz:

“Pushaymonim yo’q. O’tgan yildan sal bo’lsa-da xulosa chiqarganimni angladim. Dars emas, xulosa. Bu yil haqiqiy, yaxshigina dars oldim. Reallikdan qochib bo’lmaydi, bu yili loyiq (har tomonlama) emas ekanmanki, o’qishga kira olmadim. O’qishga kirganlarga tasanno, eplay olishdimi, kirishdi, tan beraman. Kira olmaganlarga esa sabr, vaqtning qadriga yetish kerak ekan.

Yoshi ulug’roq bir kishidan eshitgandim:Alloh o’zi suygan bandalariga sinov yuborarkan degan hikmatni. O’ta siqilish ham yaramaydi, o’zingizga zarar. Yaqinlaringizga ham qo’shimcha g’am olib keladi. Hayot oldinda!

Internet, ijtimoiy tarmoqlar haqida nima deya olaman, ulardan rejasiz foydalanish – vaqtning sho’ri ekan.

Qo’llab-quvvatlaganlarga cheksiz rahmatlar! Azizlar, ishonchingiz, e’tiboringiz uchun tashakkur!

Yana yaqin orada bo’lgan voqealardan birini o’qib xulosa chiqaring. Abituriyentlarimizdan biri, oliy ta’lim muassasalaridan biriga imtihon topshirdi. Taqdirning hukmini qarangki, shuncha urinishlar bo’lsa ham talabalik nasib qilmadi: 1) abituriyentimiz imtihonda javoblar varag’iga 2 ta savolni noto’g’ri ko’chirib qo’ygan. Natijada 6.2 ball yo’qotilgan. 2) javoblar e’lon qilinganda abituriyent 160.7 ball to’plagan bo’lib, biroq o’tish bali 161.2 edi. Oradagi farq – 0.5 ball. 3) apellyatsiya, qo’shimcha kontrakt va boshqa choralarning hech biri yordam bera olmadi. Ammo tan olib aytishimiz kerakki, abituriyentimiz o’ziga ishongan va anchayin bilimli edi. Xulosa o’zingizdan.

Hayotimizda bilim, insonning harakati, tanish-bilishlar va boshqalardan ham alohida holatlar mavjudki, biz insonlar bu hoaltlarga zarracha ta’sir o’tkazaolmaymiz. Buni bizning xalqimiz “taqdir” deyishadi.  Har qanday holatda ham inson o’zini nimalar kutib turganligini bilmaydi. Hayotimizda “yaxshi” deb o’ylaganlarimiz aslida yomon va “yomon” deb fikr qilganlarimiz esa, aksincha, yaxshi bo’lishi ham mumkin. Nima bo’lmasin, hech qachon harakatdan va intilishalrdan to’xtamaydilargina, albatta, marraga yetib boradilar.

Post comment

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Яндекс.Метрика

Orphus tizimi Matnda biror xatolikni sezsangiz, matnni belgilab CTRL + ENTER tugmasini bosing.