Qachon boshlasam ekan?

Hozir sizning orangizdan yuqoridagi gapni aytayotgan ko‘plab abituriyentlarni uchratish mumkin. Afsuski, sentabr oyining yarmidan ko’pi o‘tib bo‘lgan bo‘lsa-da, dars qilishni boshlashi kerakligini idrok qilgan holda bu ishni uddalay olmayotgan abituriyentlar yetarlicha mavjud. Ularni, dars qilishni boshlay olmasliklarining sababi esa o‘zlari tushib qolgan muhitdan ajray olmasliklaridir.

Insonda doimiy ravishda muhit o‘zgarishi og‘ir jarayon hisoblanadi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, muhitni o‘zgartirish, ya’ni bir muhitdan ikkinchiga o‘tib olish jarayoni murakkab. O‘tib olgandan so‘ng esa u yog‘i oddiy hayotdek davom etadi.

Yuqorida gapimizni tushunarliroq qilib gapiradigan bo‘lsak, hozir sizning atrofingizda dars tayyorlamaydigan do‘stlaringiz mavjud. Ular qandaydir boshqa mashg‘ulotlar bilan band bo‘lishadi-yu, lekin dars tayyorlashmaydi. Sizning muhitingiz shunday odamlardan tashkil topgani sababli, siz ham ular qilgan ishni qilasiz. Masalan, ular serial haqida gaplashsa, siz ham serial haqida gapirasiz, uning uchun esa o‘sha serialni ko‘rishingiz kerak (Yuqoridagi gaplar barcha abituriyentlarga tegishli emas, faqatgina dars qilishni boshlamoqchi bo‘lganlar haqida).

Keling, endi  o‘tib olishingiz lozim bo‘lgan muhit haqida gaplashsak. U yerdagi  asosiy mavzu – bilimlar dunyosi:fanlardagi bo‘limlar, masalalar va testlar. Ularning suhbatini chetdan kirib qolgan odam aslo tushunmaydi. Chunki, ular nimalarnidir qisqartirishadi, eramizdan oldingi voqealarni tahlil qilishadi, hayvon organizmlari haqida suhbatlashishadi, inson nima uchun yura olishi to’g’risida bahslashishadi,  tortishishadi va hakozo.

Endi tasavvur qilyapsizmi, seriallardan yoki shou-biznes yangiliklaridan birdaniga bu dunyoga o‘tib olishning  qiyinchiligini. Lekin, o‘sha dunyo yangiliklari sizning kelajak hayotingizda unchalik  ahamiyatga ega emas. Siz tezroq harakat qilib dars qiladigan abituriyentlar muhitiga qo‘shilib olishingiz lozim. Ana shundagina  butun fikr-u xayolingizni ilm egallaydi. Bu muhitda yangi aytilgan qo‘shiq va kliplar tahlil qilinmagani bois, butun xayolingiz o‘rganadigan faningizda bo‘ladi.

Bunday muhitni qayerdan topaman deysizmi? Eh do‘stim, shu savolni berishdan oldin bir bora atrofga nazar tashlang. Faqatgina  siz ulardan tashqaridasiz. Ular sizni o‘rab turishibdi.

Bunday do‘stlarni oila a’zolaringizdan qidirsangiz yana adashasiz. Chunki, ularning  boshqa o‘zlariga xos tashvishlari bor. Bunday do‘stlarni siz o‘z o‘quv dargohingizdan qidirasiz. (Telefoningizdan, odnoklassniki yoki mail.ru agentlardan ham axtarmang).

Dars tayyorlaydigan joyingizdan darsdan keyin ketib qolmang. Ana o‘shanda ko‘rasiz bunday odamlarning qanchalik ko‘p ekanligini. Ular allaqachon dars tayyorlashni boshlab yuborishgan. Hozir  ularning yoniga borib, o‘zingiz xabardor bo‘lgan eng so‘nggi yangiliklardan gapiring, ular hech narsani bilishmaydi. Biroq kirish imtihoniga doir savolingiz bo‘lsa, marhamat! Eng achinarli jihatlardan biri, bunday holatga o‘tgan yilgi test sinovida yuqori ball to‘plashiga qaramay, sinovdan o’tolmagan abituriyentlar tushishadi. Chunki,  ular testdan o‘ta olishmagach, shuncha qilgan mehnatlari ko‘ziga ko‘rinib ketadi-yu, umidsizlikka tushib qolishadi va butunlay dars tayyorlamay qo‘yishadi. Bir qarashsa, oradan ancha vaqt o‘tib qolgan, ko‘pchilik boshqa abituriyentlar ulardan ilgarilab ketgan. Endi nima qiladi? Bu yil talabalikka erishish niyati bor. Afsuski, niyatning o‘zi yetarli emas, o‘shanga mos harakat ham talab qilinadi.

Sinovlardan o’ta olmagan abituriyent  hali ham dars qilishni boshlashi kerakligi haqida bong uradi. Do‘stim, siz bu yil ham abituriyent bo‘lib qolishni istamasangiz, qolipingizdan chiqing. Dars tayyorlash rejangizni tuzing. Birdaniga 10 soat dars tayyorlay olmasangiz, birinchi kuni besh soatdan dars tayyorlashni boshlang. Uni har kuni ko’paytirib boring. Chunki, harakatni tezlashtirish kerak.

Vaqt  oqar suv kabi: qisqa fursatdan so‘ng kirish imtihonlariga ham yetib kelamiz. O‘sha kun kelishi aniq, lekin, siz, abituriyentlar o‘sha kuni “Men tayyorman” deya olishingiz uchun bugun otingizni qamchilashingiz lozim.

Balki, sizga bu ruknda ko‘proq abituriyentlarning muammolari bilan duch kelayotgan bo‘lishimiz mumkin. Afsuski, bunday  muammolar abituriyentlarning hayotidan olinadi. Sarlavhamiz ham xuddi shunday abituriyentlarimizdan biriga tegishli.

Post comment

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Яндекс.Метрика

Orphus tizimi Matnda biror xatolikni sezsangiz, matnni belgilab CTRL + ENTER tugmasini bosing.