Qancha uxlash kerak?

Uyqu vujudimizning biologik holatini tartibga soluvchi, biokimyoviy modda va garmonlarni chiqarib yuboruvchi jarayon hisoblanadi. Uyqu davomida miyadagi maxsus markazlar faollashadi. Uyqu miyamizdagi axborotlarni tartibga solib, keyin ishlash uchun bo‘sh joylar ajratadi.

Shunday ekan, uyqu har bir mavjudot uchun juda kerakli jarayon ekanligi  ma’lum bo‘ladi. Samarali dars tayyorlash uchun bir kecha-kunduzda necha soat uxlash kerak, uyqu vaqtini kamaytirish mumkinmi, kam uxlasak qanday muammolarga duch kelamiz kabi savollarga ko‘pchilik abituriyentlar javob topishga qiynalishsa kerak. Shu sababli uyqu haqida baholi qudrat sizga ma’lumot berishga harakat qilamiz.

Uyqu davomiyligi genetik faktorlar sababli hamma odamda har xil bo‘ladi va bu 4-11 soat oralig‘ida o‘zgarib turadi.  Kishi tug‘ilganidan buyon belgilab qo‘yilgan bu vaqtni o‘zgartirishi juda qiyin. Agar uyqu vaqtini qandaydir sabablar bilan qisqartirsak, bu ayrim ko‘ngilsizlik  va noxushliklarga olib kelishi mumkin.

Kunlik uyqu ehtiyojimizning ma’lum bir qismini tushlikdan so‘ng ham amalga oshirsak ham bo‘ladi. Masalan,  soat 14:00 keyin biroz uxlab olish mumkin. Buning foydasi ham katta. Kunduzgi 0,5 soat uyqu  tungi 1,5 soat uyquga teng. Bundan   kunning istalgan vaqtida uxlasam foyda bo‘lar ekanda degan tushuncha chiqmasligi kerak. Faqat tushlikdan keyingi uyquning foydasi katta, xolos.

Atrofingizdagi odamlarning uxlashiga e’tibor bersangiz, ularning ba’zilari erta yotib-erta turishlarini, ba’zilarining esa kech yotib-kech turishlarini ko‘rasiz. Hafta ichida ish kunlari bu farq sezilmasa-da, dam olish kunlaridagi uyqu bu farqni aniq-ravshan ko‘rsatadi.

Masalan, kech yotib-kech turadigan odamlar dam olish kunlarida tushlikkacha uxlashadi. Erta turadiganlar uchun haftaning qaysi kuni bo‘lishi  ahamiyatsiz. Ular vaqtli uyquga yotib, ertalab vaqtli uyg‘onadilar.

Odamlarning uyqu soatlari va turlari ham bir-biridan farq qiladi. Samarali ishlash uchun kishi o‘zining qancha uxlashini hisobga olishi kerak. Odamlarni yotish va  turish vaqtiga qarab ikki turga ajratish  mumkin.

Birinchisi erta yotib-erta turadigan kishilar. Bunday odamlarning ertalabgi  ishlarida baraka bo‘ladi. Kechalari qilgan ishlarida esa ko‘pincha muvaffaqiyatsizlikka uchrashadi. Ikkinchisi, kechasi juda kech yotib, ertalab ham juda kech turadigan odamlar.  Bunday kishilar ertalab turishga qiynalishadi. Turgandan keyin bir necha payola achchiq choy ichib, nonushtadan qilgandan keyin o‘zlariga kelishadi. Bu toifadagi  insonlarning tushlik paytiga kelib samarali ishlash qobiliyatlari tiklanadi.

Abituriyentlar ham o‘zlarining uyqu tartibini bilib olishsa yaxshi bo‘lardi. Boisi uyqu hayotning bir qismi bo‘lish bilan birga turmushimizning sog‘lom bo‘lishini ta’minlaydi. Shu sababli ham har bir o‘quvchi dars tayyorlash tarzini rejalashtirishi kerak. Ayrimlar ko‘proq ertalab, ba’zilar esa tushdan keyin dars tayyorlashadi. Bu albatta, har bir kishining o‘ziga bog‘liq.

Uyqu soatlari insonning yoshiga mos tarzda o‘zgarib boradi. Masalan, chaqaloqlar kuniga 16-17 soat, 12 yoshli bolalar esa 8-11 soat uxlashadi. O‘smirlar va katta yoshli odamlarda uyqu o‘rtacha 7-8 soat hisoblanadi. Dam olish vaqtining ko‘pligidan ko‘ra,  uning sifati muhimroqdir.

Kam uxlash zararli bo‘lganidek, ko‘p uxlashning  ham foydasi yo‘q. Masalan, oz uxlash kishida charchoqlikka, asabiylashishga, vaqtni belgilay olmaslikka, unga aytilayotgan gaplarni tushunmaslikka, duduqlanishga sabab bo‘lsa, ko‘p uyqu dangasalik va konsentratsiyaning buzilishiga olib keladi. Shu bois har bir odam me’yorida uxlashi lozim.

Abituriyentlar uchun kunlik uyqu soati 7-8 soat atrofida bo‘lishi kerak. Samarali dars tayyorlash uchun o‘z vaqtida yotib, o‘z vaqtida turish juda katta ahamiyatga ega.

Uyquni yaxshi o‘tkazish va unga doir tavsiyalarni gazetamizning keyingi sonlarida berishga harakat qilamiz.

 

Post comment

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Яндекс.Метрика

Orphus tizimi Matnda biror xatolikni sezsangiz, matnni belgilab CTRL + ENTER tugmasini bosing.